Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Samarqandda o‘tkazilayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiya matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ramsar konvensiyasi kotibiyati O‘zbekistonning beshinchi tabiiy obyekti — Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘lini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikat bergan. 2023-yilning oktabr oyida ro‘yxatga to‘rtinchi obyekt — Sudoche ko‘llari tizimi kiritilgandi.

“Bu — barchamiz uchun katta voqea. Beshinchi obyektni Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar Ekologiya vazirligi tomonidan 1,5 yil davomida amalga oshirildi. Tabiiy obyektning o‘zi 15 yil davomida o‘rganildi”, — dedi vazir.

Jiltirbas ko‘li — Orol dengizining sobiq qo‘ltig‘i bo‘lib, u dengiz sathi keskin pasaygach, ajralib chiqqan. Hozirda tabiiy manba — Amudaryo suvlari bilan oziqlanadi. Bu yerda Janubiy Orol dengizining mahalliy faunasini saqlab qolingan.

So‘nggi yillarda qo‘shimcha sug‘orish kanallari qazilgan, ular suv sathini faunaning o‘zgarishiga ta’sir qilmasligi uchun ushlab turadi. Ko‘l mintaqadagi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo‘ladigan tuz va chang bo‘ronlarini ushlab turuvchi to‘siqlardan biri ham hisoblanadi.

Orolbo‘yi mintaqasida Jiltirbas xalqaro miqyosda kam uchraydigan qushlar uchun ham, O‘rta Osiyo cho‘llarining biologik xilma-xilligi, shu jumladan, zich qamish va butalar, sho‘r botqoqliklar, kanallar va cho‘llar uchun ham uya qurish va migratsiya davrlarida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ko‘l Orolbo‘yi hududiga xos noyob baliq turlarining yashash joyi hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bunga qadar Dengizko‘l 2001-yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008-yilda va To‘dako‘l hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlar ro‘yxatidan joy olgan.