Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videselektor yig‘ilishida meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish maqsadida aholiga yana 60 ming gektar yer tarqatilishini ma’lum qildi.

“Buning natijasida 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni yana 200 million dollarga oshirish mumkin bo‘ladi. Yoshlarni dehqonchilikka yaxshi o‘qitib, bu yerlarda band qilish muhim”, — deya ta’kidladi prezident.

Davlat rahbari, shuningdek, aholiga bo‘lib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlariga sanoat va kooperatsiyani keng olib kirib, qo‘shimcha 1 mlrd dollarlik mahsulot yetishtirish mumkinligini ta’kidladi. Buning uchun 1 trln so‘m kredit uchun resurs ajratiladi.

Ushbu kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablag‘ uchun 100 mln so‘mgacha garovsiz, 150 mln so‘mgacha garov ta’minoti 50 foizga pasaytirilgan holda beriladi.

Shuningdek, jami 10 mingta texnika fermer va dehqonlarga 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi. Chetdan olib kelinib, lizingga beriladigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3 yilga uzaytiriladi.