Qozog‘istonda sayg‘oqlarni otish 10-fevraldan boshlab to‘xtatildi, deb yozmoqda Tengrinews.kz ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nisanbayev bayonotiga tayanib.

“Sayg‘oqlarni otish mahalliy olimlar va xalqaro ekspertlar bilan maslahatlashuv va muhokamalardan so‘ng to‘xtatildi. Qolaversa, qish vaqtida dashtda harakatlanishda qiyinchiliklar mavjud”, — dedi Nisanbayev (Tengrinews.kz iqtibosi).

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada Qozog‘istonda sayg‘oqlar soni 40 foizga oshib, 2,5−2,6 million boshga yetishi kutilmoqda. Aholi sonining o‘sishi, ayniqsa, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida yaylov yetishmasligi sababli 2025-yilda sayg‘oqlarni ovlashni tiklash rejalashtirilgan.

Qozog‘istonda sayg‘oqlar Qizil kitobga kiritilmagan, ammo ularni ovlash taqiqlangan va noqonuniy ov qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. So‘nggi 10 yil ichida mamlakat hukumati tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlari tufayli sayg‘oqlar sonini 60 barobarga oshirishga erishdi. Ushbu hayvonlarning populyatsiyasi o‘sib borishi bilan mahalliy fermerlar hosilning yo‘qotilishidan shikoyat qila boshladi.

Natijada 2023-yil oktabr oyida sayg‘oqlar tartibga solinadigan hayvonlar ro‘yxatiga rasman kiritildi. Populyatsiyani nazorat qilish kunduzi to‘rlar o‘rnatish va kechasi otish orqali amalga oshiriladi. Umuman olganda, rasmiylar sayg‘oq populyatsiyasini 20 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.