G‘allachilikda imtiyozli kreditlar

Joriy yilda O‘zbekistonda paxtachilikda bo‘lgani kabi, g‘alla yetishtirishda ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati ham to‘liq budjetdan qoplanadi, deyiladi xabarda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, bunga qadar fermerlarga klasterlar orqali kreditlar ajratilgani g‘allakorlar uchun mahsulot tannarxining oshishiga olib kelgan.

“Yangicha ishlash zarur”

2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 4,1 foizga o‘sib, 426 trillion so‘mni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 2 milliard dollarga yetdi. Jami 3,7 million tonna paxta, 8 million tonna g‘alla olindi.

Prezident yer-suv resurslari cheklangan sharoitda yangicha ishlab, mahsulotni ko‘paytirish, sohaga sanoat muhitini olib kirish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekistonda bir gektar maydondan olinadigan o‘rtacha hosil ilg‘or mamlakatlardagiga qaraganda kam, lekin o‘g‘it ham, yoqilg‘i ham, suv ham 2 karra ko‘p ishlatiladi, dedi u.

Shavkat Mirziyoyev xorijdan serunum chigit va urug‘lar olib kelib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish mumkinligini aytdi.

Chet el paxta urug‘i

Bu yil ilk bor chet el paxta urug‘ini ekishga ruxsat berildi, lekin, dedi prezident, Paxtachilik kengashi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi agentligi, viloyat hokimlari qaysi urug‘larni qayerdan import qilish, ularni qayerga ekish borasida hali yakuniy qarorga kelmagan.

Shavkat Mirziyoyev bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘ olib kelish vazifasini topshirdi. Joriy yilda 100 ming gektar maydonga g‘o‘zaning serhosil xorij navlarini ekish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari fermerlar manfaatdorligini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda paxta xomashyosi birja orqali sotilmoqda. Nyu-York fond birjasida paxta narxi oshib bormoqda. G‘allachilikda bozor munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani tufayli dehqonlar daromadi ikki barobar oshdi, dedi u.

“Agar dehqon va fermerni iqtisodiy manfaatdor qilsak, ular davlat mablag‘isiz ham ishlay oladigan vaqtlar keladi. Mening maqsadim shu”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘g‘itlar narxini pasaytirish

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini 900 ming tonna mineral o‘g‘it bilan ta’minlash, ularning tannarxini 15 foizga kamaytirish vazifasini ham qo‘ydi. Bunga erishish uchun birjada sutkalik yetkazib berish hajmini 6 ming tonnadan 900 ming tonnaga oshirish, qo‘shimcha 70 ta tumanda o‘g‘it omborlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mineral o‘g‘itlarning sifati va ustamasi nazoratga olinadi. Fermerlar uchun imtiyozli moliyaviy mexanizmlar (masalan, bank va sug‘urta kafolati asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, kreditlar bo‘yicha foizlarni pasaytirish) orqali o‘g‘itlarni o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilishlari uchun sharoitlar yaratiladi.

Joylardagi omborlardan mineral o‘g‘itni tashish uchun transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.