Finlyandiyada 11-fevral, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida ovoz berish natijalariga ko‘ra, hukmron Milliy koalitsiya partiyasidan nomzod, sobiq bosh vazir Aleksandr Stubb g‘alaba qozondi.

Mamlakat Adliya vazirligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi turda saylovchilarning 70,7 foizi ishtirok etgan, ulardan 51,6 foizi Stubbga ovoz bergan. Unga mustaqil nomzod sifatida raqiblik qilgan sobiq tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto saylovchilarning 48,4 foiz ovozini oldi.

Xaavisto jonli efirda Stubbni g‘alabasi bilan tabrikladi. Aleksandr Stubb esa, o‘z navbatida, prezident bo‘lish uning hayotidagi eng katta sharaf ekanini ta’kidladi. U 1-martdan rasman o‘z lavozimiga kirishadi.

Saylangan prezident jurnalistlarga Finlyandiya Rossiya bilan urushda Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga va’da berdi, deb yozdi Yle. Stubb Finlyandiyaning 2023-yil aprelida NATOga a’zo bo‘lganini alyans uchun afzallik deb atadi.

Finlyandiyada prezidentlik saylovining birinchi turi 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgandi, o‘shanda Stubb va Xaavisto mos ravishda 28,3 foiz va 25,8 foiz natija bilan ikkinchi turga o‘tgandi. Uchinchi o‘rinni 19 foizga yaqin ovoz olgan “Haqiqiy finlar” natsionalistik partiyasidan nomzod Yussi Xalla-axo egallagandi. Saylovda jami 9 nafar nomzod ishtirok etgan.

Finlyandiya qonunchiligiga ko‘ra, prezident 6 yilga, ketma-ket ikki martadan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylanadi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Sauli Niinistyo ikki muddat prezidentlik lavozimida ishladi va shuning uchun saylovlarda qatnashmadi. Stubb mamlakatning o‘n uchinchi prezidentiga aylanadi.