Toshkent xalqaro aeroportida mavjud terminalni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan qurilish ishlari munosabati bilan ayrim cheklovlar joriy etildi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yo‘lovchilarni tushirish/olish uchun alohida yo‘lak ajratilgan. Ushbu yo‘lakdan foydalanish bepul va yo‘lovchilarni tushirish/olish muddati 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Uzoqroq vaqtga to‘xtash kerak bo‘lsa, avtoturargohdan foydalanish kerak.

Shuningdek, terminalda rekonstruksiya ishlari munosabati bilan Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlarga hamrohlik qiluvchi shaxslarga jo‘nab ketish zaliga kirishga ruxsat etiladi. Kuzatuvchilar o‘zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat olib kelishlari kerak.

Uzbekistan Airports rahbariyati va poytaxt aeroporti ma’muriyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Uzbekistan Airports dekabr oyida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari boshlanganini e’lon qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni ikki barobarga ko‘payadi, jo‘nab ketish hududiga kirish yo‘llari o‘zgaradi, uchib kelish va uchib ketish zallari yagona majmuaga birlashtiriladi, terminalning ikkinchi qavatida ochiq terrasa paydo bo‘ladi.

Aeroport maydonining kengayishiga uchib kelish va uchib ketish binolarining fasadlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni birlashtirish orqali erishiladi. Aeroportga transportda kirish tizimi ham o‘zgaradi: transport vositalari birinchi qavat yoniga kelishadi, yo‘l o‘tkazgich (estakada) esa binoning bir qismiga aylanadi.

Uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi uchun o‘tish yo‘lagiga ega yangi chegara nazorati hududi paydo bo‘ladi. Mavjud uchib kelish zali ham to‘rttadan sakkizta yuk lentalarini joylashtirishni nazarda tutgan holda rekonstruksiya qilinadi, bu esa ko‘proq parvozlarga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha kutib oluvchilar uchun alohida, hozirgi uchib kelish zalidan kattaroq — 6,2 ming kv.metr bo‘lgan hududni o‘z ichiga oladi.

Loyihaga ko‘ra, uchib ketish zalida 50 ta ro‘yxatdan o‘tish nuqtasi, katta o‘lchamdagi bagajlarni topshirish peshtaxtasi, bagajlarni o‘zi topshirish joyi, shuningdek, bojxona va yuk nazoratidan iborat yangi yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish zali quriladi. Aviatsiya xavfsizligi tekshiruv hududi ham kengayadi.

Havo kemalariga chiqish uchun kutish maydonida — 800 o‘rinli kutish joyi va ovqatlanish hududi qurib bitkaziladi. Shuningdek, uchish maydonining ikkinchi qavatida shaharga qaragan deyarli 5 ming kvadrat metr maydonga ega ochiq terrasa paydo bo‘ladi.

Uchish terminali bo‘ylab yangi o‘tish galereyasi quriladi, bu teletrap bo‘ylab o‘tuvchi, kelgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratish imkonini beradi. Uchib kelgan yo‘lovchilarga ko‘chaga chiqmasdan terminal binosiga kirish imkoniyatlarini oshirish uchun ikkita qo‘shimcha teletrap sotib olinadi. Rekonstruksiyadan so‘ng poytaxt aeroportida 6 ta teletrap ishlaydi, chiqish darvozalari soni esa 12 tani tashkil etadi.

Shuningdek, bagajga xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish ham rejalashtirilgan. Yangi tizimning o‘rnatilishi bilan aeroport real vaqt rejimida har bir yo‘lovchining aeroport majmuasi ichidagi yuklari harakatini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa yuklar yo‘qolishini minimallashtirish va ularni samolyotga yanada tezroq yuklash imkonini beradi.

Yuklarni saralash uchun yangi maydon va xizmat ko‘rsatish uskunasining o‘rnatilishi ayrim reyslar yo‘lovchilariga parvozdan ro‘yxatdan o‘tish va bagajni topshirishni 24 soat oldin amalga oshirish imkonini beradi.