Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Zelenskiy o‘z murojaatida Zalujniy bilan uchrashgani va unga Ukrainani ikki yil davomida himoya qilgani uchun minnatdorlik bildirganini ta’kidladi.

“Biz bugun armiyaga qanday yangilanishlar kerakligi haqida ochiq gaplashdik. Shoshilinch yangilanishlar. Men general Zalujniyni Ukraina hukumati tarkibida birga bo‘lishni davom ettirishga taklif qildim. Men uning roziligi uchun minnatdor bo‘laman”, — dedi Ukraina rahbari.

Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Sirskiy UQK yangi bosh qo‘mondoni etib tayinlandi.

“Bugun UQK rahbariyatini yangi boshqaruv jamoasi o‘z qo‘liga oladi. Men Rabotino yoki Avdeyevkadagi, shuningdek, bosh shtab va shtab-kvartiradagi askarlarimiz urush haqida bir xil tasavvurga ega bo‘lishini xohlayman. Turli darajadagi qo‘mondonlar bilan o‘nlab suhbatlar o‘tkazdim. Xususan, bugun generallar Andrey Gnatov, Mixail Drapatiy, Igor Skibyuk va polkovniklar Pavel Palisa va Vadim Suxarevskiy bilan suhbatlashdim. Ularning barchasi armiyadagi rahbarlik lavozimlariga ko‘rib chiqilmoqda va eng tajribali ukrainalik qo‘mondon rahbarligida xizmat qiladi”, — ta’kidladi Zelenskiy.

Zalujniyning o‘zi ham Zelenskiy bilan uchrashuv haqida yozdi va ular o‘rtasida “muhim va jiddiy suhbat” bo‘lganini aytdi. “Yondoshuv va strategiyani o‘zgartirish zarur deb qaror qilindi”, — deb yozdi u.

  • Ukraina va G‘arb ommaviy axborot vositalari so‘nggi bir necha hafta davomida Zelenskiy Zalujniyni lavozimidan bo‘shatishga qaror qilgani haqida yozmoqda. Ukraina harbiy va siyosiy rahbariyati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabablari sifatida Zalujniyning mashhurligi ortib borayotgani va UQKning o‘tgan yozda mamlakat janubidagi muvaffaqiyatsiz qarshi hujumi keltirilgan.