Qatar Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi aviakompaniya.

Kompaniya Doha — Toshkent — Doha yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Birinchi parvoz 2024-yil 2-iyunga belgilangan. Yo‘lovchi reyslari haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

“Biz uchun bu darajadagi yirik aviakompaniyaning Toshkent aeroportiga parvoz qilishi juda muhim. Biz har yili nafaqat reyslar geografiyasini kengaytirish, balki xorijiy aviatashuvchilar sonini ko‘paytirish, bozorda sog‘lom raqobatni rivojlantirish va shu bilan birga, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash ustida ish olib boramiz”, — deya ta’kidladi Uzbekistan Airports.

Qatar Airways bosh qarorgohi Dohada joylashgan Qatar milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniya dunyo bo‘ylab 170 dan ortiq yo‘nalishlarga parvoz qiladi. Qatar Airways ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan va Skytrax tomonidan yetti marta “Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi” deb topilgan.

Aviakompaniya 2021-yilda 7-sentabr kuni O‘zbekistonga aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgandi.