Qozog‘iston hukumati tibbiyot muassasalarida niqob rejimiga qaytdi va jamoat joylarida ham niqob taqishni tavsiya qildi. Bu haqdagi qarorni 8-fevral kuni bosh sanitariya shifokori Ayjan Yesmagambetova imzolagan.

Ushbu chora mamlakatda COVID-19, qizamiq va boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishini to‘xtatish maqsadida ko‘rildi, deyiladi hujjatda.

Endi tibbiyot muassasalarida xodimlar ham, tashrif buyuruvchilar ham niqob taqishlari shart. Bundan tashqari, mas’ul davlat organlariga tibbiyot muassasalarini antiseptiklar bilan ta’minlash majburiyati yuklatildi.

Shuningdek, fuqarolarga gavjum joylarda (bozorlar, savdo markazlari, teatrlar, kinoteatrlar va boshqalar) hamda barcha transport turlarida niqob taqish tavsiya etildi.

Bir kun avval COVID-19 bo‘yicha noqulay epidemiologik vaziyat tufayli Qozog‘iston parlamenti quyi palatasida niqob taqish tartibi joriy qilingan edi. Deputatlar vaqtinchalik onlayn rejimda yig‘ilish o‘tkazib turadi. Palata spikeri Yerlan Koshanov kovid bilan kasallanganlardan biri bo‘lgandi, deb xabar beradi Zakon.kz.