Senatning 9-fevral kuni o‘zining elliginchi yalpi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni ko‘rib chiqib, ma’qulladi.

Qonun 4 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84, 211, 245, 249 moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatda yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y berayotgani ta’kidlandi. Jumladan, 2023-yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi. Amalda buning uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan.

Yuqori palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov aytishicha, 2018−2022-yillarda respublika o‘rmon xo‘jaliklarida jami 40 ta yong‘in aniqlangan, 431 gektar o‘rmonzorlar jiddiy ziyon ko‘rgan. Buning hisobiga davlatga 30 mlrd so‘mdan ortiq zarar keltirilgan.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 211 moddasi bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish nazarda tutilmoqda.

Moddaning fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladigan minimal jazo chorasi BHMning 0,1 baravaridan 5 baravarigacha etib (34 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 1 baravaridan 10 baravarigacha (34 ming so‘mdan 3 mln 400 ming so‘mgacha) etib belgilanmoqda (amalda fuqarolarga BHMning 0,1 baravaridan 1 baravarigacha (34 ming so‘mdan 340 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 1 baravaridan 3 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi).

Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.