Afg‘oniston O‘zbekistonga ikki yil davomida to‘plangan elektr energiyasi uchun qarzini to‘ladi, deb xabar bermoqda Afg‘onistonning Hasht-e Subh Daily nashri Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) energetika kompaniyasi vakili Hikmatulloh Mayvandiyga tayanib.

Unga ko‘ra, kompaniya Eron, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga elektr energiyasi importi bo‘yicha 627 million dollarlik qarzni to‘liq qaytargan. Qarzlarning bir qismi 2021-yil avgustigacha mamlakatni boshqargan Ashraf G‘anining avvalgi hukumatidan qolgan.

“Gazeta.uz” o‘rgangan “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil oxiri holatiga ko‘ra Afg‘oniston O‘zbekistondan 4,05 million dollar qarzdor bo‘lgan. O‘tgan yili Afg‘oniston tomoniga 91,18 million dollarga 1,82 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan (bir kVt/soat uchun taxminan 5 sent). 2023-yilda Afg‘onistondan 93,5 million dollar olingan.

Joriy yilning yanvar oyida yana 320 million kVt/soat elektr energiyasi 15,99 million dollarga yetkazib berilgan. 1-fevral holatiga ko‘ra, Afg‘onistonning qarzi 1,24 million dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni 2024-yilgacha uzaytirgan edi. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Energetika vazirligidan energetika sohasidagi infratuzilma muammolarini hal etish va elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishni so‘ragan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov DABS`ni uchta energetika obyekti ta’mirlangach, Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berish tiklanadi, deb ishontirgandi.

2019-yil sentabr oyida “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” korxonasi Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 10 yil muddatga shartnoma tuzgandi. Keyinchalik energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev dastlabki bosqichda yetkazib berish hajmi 4,2 milliard kilovatt/soatni tashkil etishi, so‘ng 6 milliard kilovatt/soatga yetkazilishini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston 2002-yildan buyon Afg‘onistonga muntazam ravishda elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Shu vaqt ichida, 2019-yil yakuniga ko‘ra, yetkazib berish hajmi 62 million kilovatt/soatdan qariyb 2,6 milliard kilovatt/soatgacha oshdi. Ilgari yetkazib berish shartnomalari har yili tuzilar edi.