Senatning elliginchi yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Hujjat bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik va bola huquqlarining ustuvorligi kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan va kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 5 yil muddatga Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan saylanishi nazarda tutilmoqda.

Qonunga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganini aniqlanganda, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritishi mumkinligi aks ettirilmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanish vakolati berilmoqda.

Shuningdek, qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tayinlanishi belgilanmoqda.

Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashishi, bolaning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan normalarni qabul qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli takliflar kiritib borishi ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborishi mumkinligi belgilanmoqda.

Muhokamalar yakunida Qonunni ma’qullash haqida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.