O‘z xodimasiga shilqimlik qilgan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi Nurafshon TV telekanalining bosh muharrir o‘rinbosariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

2024-yil 6-fevral kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish)ga oid sud ishi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, 27-yanvar kuni 1988-yilda tug‘ilgan Sh. X. (muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) o‘z xodimasini ish joyiga aldab chaqirib, unga tegajog‘lik qilib, uni burchakka taqab, o‘pmoqchi bo‘lgan. Qiz bunday holat anchadan buyon bo‘lib kelayotganini, bu holatdan so‘ng asabiylashib qolganini bildirib, suddan Sh. X.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va unga yetkazilgan ma’naviy zararni undirib berishni so‘rab, ko‘rsatuv bergan.

Sudlanuvchi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan huquqbuzarlik harakatiga iqrorligini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, qilmishining oqibatlarini tushunib yetganini, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud qaroriga ko‘ra, Sh. X. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topilgan, unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.