Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hududdagi mahallalarda “sharmanda doskasi” joriy etilib, ularda jinoyat sodir etganlarning suratlari ilinishi haqida xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, bu kabi devoriy peshlavhalar mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgani mutlaqo asossiz hisoblanadi.

“Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi bu kabi ma’lumotlarning chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi!” — deya ta’kidlanadi xabarda.

IIBning tushuntirishicha, mazkur holatda mahallalarga o‘rnatiladigan “e’lonlar taxtasi”ni chikarishda bosmaxona tomonidan xatolikka yo‘l quyilgan. Shuning uchun bu bannerlar viloyatdagi biror-bir mahallaga o‘rnatilmagan. Shu bilan birga, tuman-shahar IIB va mahallalarga bu mazmundagi topshiriq yoki ko‘rsatma berilmagan.

Bir kun avval Karmana tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Nabijon Cho‘liyevning holatga izoh berib, taxtaning nomlanishida xatolik ketgani, ammo bunday e’lon joylashtirish Vazirlar Mahkamasining qarorida mavjud ekanini aytgandi.

“Hozirda xatolikni tuzatib, mahallalarga shunday e’lonlar taxtasini o‘rnatib chiqyapmiz. „Sharmanda doskasi“ Karmana tumanidagi mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan”, — degandi u.

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili esa bunga qarshi chiqqan va mahallalardagi e’lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi ma’lumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblashini ma’lum qilgan.