O‘zbekistonda ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirildi. Bu prezident tomonidan 7-fevral kuni imzolangan qonunda nazarda tutilgan.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 17-oktabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2023-yil 20-dekabrda ma’qullangandi.

Qonun bilan “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Advokatga guvohnoma berish muddati endilikda 2 ish kunini tashkil etadi (ilgari 3 ish kuni edi).

Bundan tashqari, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqqanlik yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji, yig‘imlar yoki boshqa to‘lovlar to‘langani haqidagi to‘lov hujjatlarining ko‘chirma nusxalarini taqdim etish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.