Ozarbayjonning amaldagi prezidenti Ilhom Aliyev navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida 92,05 foiz ovoz to‘pladi. Bu ma’lumotlarni 8-fevral kuni ertalab mamlakat Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazaxir Panaxov saylov byulletenlarining 93,35 foizini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra e’lon qildi, deya xabar berdi “Azertadj”.

Davlat rahbari lavozimi uchun kurashayotgan qolgan olti nomzod 2,19 foizdan 0,53 foizgacha ovoz oldi.

MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda yakuniy davomat 76,73 foizni tashkil etib, ro‘yxatga olingan 4 mln 971 ming 32 nafar saylovchi ishtirok etgan.

Saylov natijalari okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari rasmiylashtirilgandan so‘ng 9-fevral kuni e’lon qilinadi. Shundan so‘ng MSK bayonnomani tasdiqlash uchun Konstitutsiyaviy sudga yuboradi, deya aniqlik kiritdi Panaxov.

Ozarbayjon rahbari saytida ma’lumot berilishicha, Aliyevni saylovdagi g‘alabasi bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va boshqa yetakchilar allaqachon tabriklagan.

  • 7-fevral kuni Ozarbayjonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2025-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, 2023-yil dekabr oyida Aliyev saylovlarni bir yil oldinga surish haqidagi farmonni imzoladi.
  • Aliyev saylovlarni oldinga surish bo‘yicha qarorini uchta sabab bilan izohladi. Birinchidan, uning aytishicha, Tog‘li Qorabog‘ning to‘liq Ozarbayjon nazoratiga o‘tishi bilan saylovlar “bir davrning tugashini” va “yangi davrning boshlanishini” anglatadi. Ikkinchidan, saylovlar birinchi marta butun mamlakat bo‘ylab, jumladan Qorabog‘da ham o‘tkaziladi, deya qayd etdi Aliyev. Uchinchidan, saylovlar uning 20 yillik prezidentlik davri bo‘yicha xulosalar beradi.
  • Aliyevning o‘zi oila a’zolari bilan Tog‘li Qorabog‘ning Xankendi shahridagi saylov uchastkasida ovoz berdi.
  • Ilhom Aliyev Ozarbayjonni 2003-yilning oktabridan buyon boshqarib kelmoqda, bu uning prezident sifatidagi beshinchi muddati bo‘ladi. Bu lavozimda u otasi Haydar Aliyevdan keyin kelgan.