Rossiya Markaziy saylov komissiyasi (MSK) mamlakat prezidentligi uchun saylovda urushga qarshi yagona nomzod bo‘lib turgan Boris Nadejdinni ro‘yxatga olishdan bosh tortdi.

MSK ishchi guruhi uni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ilgan 105 mingga yaqin imzodan 9147 tasini haqiqiy emas deb topdi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, nomzodni ro‘yxatga olish uchun yaroqsiz imzolar ulushi 5 foizdan oshmasligi kerak.

Nadejdin Markaziy saylov komissiyasining qaroridan rozi emasligini va bu bo‘yicha Rossiya Oliy sudiga shikoyat qilishini aytdi.

“Men butun Rossiya bo‘ylab 200 mingdan ortiq imzo to‘pladim. Biz imzo yig‘ish jarayonini ochiq va haqqoniy o‘tkazdik — butun dunyo bizning shtablarimiz va imzo yig‘ish punktlarimizdagi navbatlarga guvoh bo‘ldi. 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish hayotimdagi eng muhim siyosiy qarordir. Men niyatimdan qaytmayman”, — deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.

Rossiyada prezidentlik saylovlari 15−17-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Hozirgacha to‘rt nafar nomzod ro‘yxatga olingan: Vladimir Putin, Leonid Slutskiy (LDPR), Vladislav Davankov (“Novыye lyudi”) va Nikolay Xaritonov (KPRF).

  • 60 yoshli Boris Nadejdin — Rossiya Davlat Dumasining sobiq deputati. Siyosatchi noparlament partiya hisoblangan “Fuqarolik tashabbusi” partiyasidan mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
  • U Ukrainadagi urushni tugatishni ochiqchasiga yoqlab chiqdi va o‘zini Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatining “muxolifi” deb atadi, deb yozadi BBC rus xizmati. Nadejdinning kampaniyasi yanvar oyi oxirida ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi, o‘shanda odamlar uni qo‘llab imzo qo‘yish uchun Rossiya va xorijdagi shaharlarda navbatga turishni boshlagandi. Ko‘plab oppozitsion rossiyalik siyosatchilar Nadejdinni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.