Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, jumladan, hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

александр лукашенко, беларусь

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, BMT, MDH, SHHT doirasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldi.

Prezidentlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’atini qayd etdi — o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi va 2023-yil yakuniga ko‘ra 620,1 million dollardan ortiqni tashkil etdi. Hukumatlar oldiga yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadlarda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va tovarlarni sertifikatlashtirishning elektron tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

александр лукашенко, беларусь

So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar oshdi. Davlat rahbarlari kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi: qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.

Tomonlar yuk tashish uchun o‘zaro qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldi.

Davlat rahbarlari hududlararo almashinuv faollashganini olqishladi. Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari bo‘yicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi.

александр лукашенко, беларусь

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi. Oliy va professional ta’limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.

O‘zbekiston-Belarus sammiti yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Faxriy mehmonlar xiyobonida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilish ramzi sifatida daraxt ekdi.