Bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) 15 sutkaga qamaldi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

Ish hujjatlari ko‘ra, Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayevlar 2024-yil 6-fevral kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani “O‘rda” MFY hududida joylashgan Shayxontohur tuman hokimligida baqir chaqir qilib janjal ko‘tarishgan. Ular holatga aniqlik kiritish maqsadida kelgan ichki ishlar xodimlarini qonuniy talablarini bajarmagan, ularga ommaviy ravishda bo‘ysunmasdan, ommani o‘ziga jalb qilib, IIO xodimlariga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan.

6-fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilingan Abror Abduazimov qilmishidan pushaymonligini va bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, suddan yengillik berishni so‘rab ko‘rsatuvlar berdi.

Sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilingan Xusrav Nasrullayev ham pushaymonligini ma’lum qilib suddan yengillik so‘radi.

Sud ma’muriy qamoqqa olingan huquqbuzarlarni oilaviy sharoitini inobatga olib, uni qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilishni lozim topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Abror Muxtor Aliy taxallusi bilan tanilgan bloger Abror Abduazimov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasining 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasida (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganda aybli deb topilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Xusrav Nasrullayevga nisbatan ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasining 1-qismi va 195-moddasida nazarda tutilgan xuquqbuzarlikni sodir etganda aybli deb topilib, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.