Telegram`dagi Tashkent Land kanalida 2 ta Yutong elektrobuslari o‘zaro to‘qnashgani haqida post e’lon qilindi. “Toshshahartransxizmat” voqea haqida ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, holat 7-fevral soat 11:00 larda ro‘y bergan. Unda “1-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 28-sonli avtobus haydovchisi X.A. avtobusni Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib, “Uspenskiy nomidagi musiqa maktabi” bekatiga to‘xtatgan.

U shu bekatda to‘xtab yo‘lovchi tushirayotgan “5-avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi 44-sonli avtobus bilan yonlama oraliq masofani saqlamagan. Oqibatida 28-sonli avtobusning o‘rta eshik qismi hamda 44-sonli avtobusning chap tomon orqani ko‘rish oynasining korpus qismi bilan bir-biriga tegib qirilgan. Sodir etilgan to‘qnashuvda hech kim tan jarohati olmagan.

Yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.