Kun.uz Navoiy viloyatidagi mahallalarda “Sharmanda doskasi” paydo bo‘lgani, ularda jinoyat sodir etgan shaxslarning suratlari ilinishi haqida yozdi. Karmana tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Nabijon Cho‘liyevning holatga izoh berishicha, bunda taxtaning nomlanishida xatolik ketgan.

“Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxsning fotosurati u tomonidan sodir etilgan jinoyat to‘g‘risidagi ma’lumot bilan birga mahalla fuqarolar yig‘inidagi barchaga ko‘rinadigan e’lonlar taxtasiga bir oylik muddatga joylashtirilishi belgilangan”, — deydi Cho‘liyev.

Uning qayd etishicha, joylarda firibgarlik holatlari ko‘paymoqda. Ayrim mahallalarda odamlar o‘sha mahallada yashovchi, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxsni tanimasdan, unga aldanib qolyapti.

“Shuning uchun nizom talablarini bajarib, shunday shaxslar haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda e’lonlar taxtasiga ildirib qo‘yamiz. Aslida e’lonlar taxtasi bo‘lishi kerak edi, uni tayyorlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Hozirda xatolikni tuzatib, mahallalarga shunday e’lonlar taxtasini o‘rnatib chiqyapmiz. „Sharmanda doskasi“ Karmana tumanidagi mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan”, — deydi u.

Ombudsman munosabati

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati Konstitutsiyada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani belgilab qo‘yilganini ta’kidladi.

“Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan”, — deyiladi xabarda.

Ombudsman, shuningdek, Jinoyat kodeksining 7-moddasida jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamasligi qayd etilganini eslatdi.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mahallalardagi e’lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqidagi ma’lumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi”.