Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 7-fevral kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati soat 15:00 da xabar berdi.

Tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi, ularda “O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish”ning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.

“O‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish, qishloq xo‘jaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, kommunikatsiyalar va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi”, deya ta’kidladi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvlar davomida professional ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari ham muhokama qilinadi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, shu kunlarda tashrif arafasida Toshkent shahrida ikki mamlakat hududlari va tadbirkorlari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari — Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Tashrifga tayyorgarlik

Bir kun avval Toshkentda ikki davlat bayroqlari ilinib, ayrim ko‘chalardagi belgilar yangilandi. Chorshanba kuni ertalabdan ko‘cha ekranlariga Aleksandr Lukashenkoga atab yozilgan o‘zbek va belarus tillaridagi qutlovlar joylashtirildi.

Seshanba kuni Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Leonid Zayats Toshkentga keldi va ikki davlatning ko‘plab ishbilarmonlari ishtirokidagi ikkinchi mintaqalararo forumda ishtirok etdi.

Tashqi ishlar vaziri va boshqa vazirlar, Minsk shahridan kelgan delegatsiya va boshqa rasmiy shaxslar ham Toshkentda bo‘lib turibdi.

Belarus prezidenti Minskda o‘tgan yilning sentabrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan uchrashib, qishda O‘zbekistonga tashrif buyurish rejalari haqida gapirgandi.

O‘shanda Lukashenko O‘zbekiston tog‘lariga tashrif buyurishni xohlashini ta’kidlagan. “Yaqin kunlarda qochib, sizning tog‘laringizga tashrif buyurishga harakat qilaman”, — degandi u.