Sun’iy intellekt (SI) chiplariga talab ortib borayotgani va ishlab chiqarishdagi cheklovlar Huawei`ni Mate 60 flagman smartfonlarini ishlab chiqarishni sekinlashtirishga majbur qildi, deb xabar bermoqda Reuters manbalarga tayanib.

Agentlikka ma’lum bo‘lishicha, Xitoy kompaniyasi o‘zining Ascend AI chiplari va raqobatchisi iPhone`ga mo‘ljallangan Kirin chiplarini ishlab chiqarish uchun bitta korxonadan foydalanadi.

Agentlikning qayd etishicha, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi texnologik qarama-qarshilik fonida sun’iy intellektning funksionalligi bo‘yicha global poyga, garchi uch yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta savdosi oshganiga qaramay, Huawei`ni telefon ishlab chiqarishni ikkinchi planga o‘tkazishga majbur qilgan.

2019-yilda AQSh sanksiyalari milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kompaniyaning chip ishlab chiqarish texnologiyasidan foydalanishni cheklagandi. Bu smartfonlar ishlab chiqarish va Xitoy bozoriga chiplar sotish jarayoniga ta’sir ko‘rsatdi, ilgari bu bozorning 90 foizini Amerikaning Nvidia kompaniyasi egallagan edi. Natijada cheklovlar xitoylik foydalanuvchilarni mahalliy muqobil variantlarga o‘tishga undadi.

Shu munosabat bilan Xitoy hukumati, deb yozadi Reuters, mamlakatning hisoblash quvvati sohasidagi mavqeini yaxshilashga chaqirdi. Mahalliy hukumatlar talabni (jumladan, Huawei Ascend uchun) qo‘llab-quvvatlagan holda, ma’lumotlarni qayta ishlash tizimini yaratish loyihalarini e’lon qildi.

Bugungi kunda Huawei Ascend 910B chipi Xitoyda mavjud texnologiyalar orasida Nvidia bilan solishtirganda eng raqobatbardosh SI chipi hisoblanadi.

Agentlik manbalariga ko‘ra, Huawei kompaniyasi Kirin`dan ko‘ra Ascend chiplarini ishlab chiqarishni afzal ko‘rgan, shu sababli Mate 60 smartfonlarini ishlab chiqarishni sekinlashtirgan.

Reuters agentligining qayd etishicha, Huawei chip ishlab chiqarishda hech qanday ambitsiya ko‘rsatmagandi, biroq yutuqlar kompaniya Mate 60`ni taqdim etganidan so‘ng yaqqol ko‘zga tashlangan — smartfonlarda 5G`ni ta’minlovchi Xitoy chiplari borligi ma’lum bo‘lgan. Tahlilchilarning fikricha, Huawei bunga Xitoyning eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan SMIC kompaniyasining nou-xausi evaziga erishgan.