Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotda ushbu mamlakat prezidentligiga navbatdan tashqari saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qo‘ng‘iroq chog‘ida Shavkat Mirziyoyevga Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko sheriklik qildi. “Kamdan-kam uchrab turadigan hodisa — ikki mamlakat yetakchisi birgalikda uchinchi mamlakat rahbariga telefon qilmoqda”, — deb yozdi ularning suratini e’lon qilgan O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Suhbatda O‘zbekiston yetakchisi saylovchilar ishtiroki va faolligi yuqori darajada bo‘lganini qayd etib, “qardosh ozarbayjon xalqi davlat kelajagi, kuchli va gullab-yashnagan Ozarbayjon uchun ovoz berib, to‘g‘ri qaror qabul qilganiga” ishonch bildirdi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotganini qayd etdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qo‘shma Investitsiya kompaniyasi o‘z ishini boshladi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda.

Muloqotda xalqaro tuzilmalar, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Ozarbayjonda 7-fevral kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Associated Press nashrining yozishicha, 30 yillik etnik armanlar boshqaruvidan so‘ng Qorabog‘ni qaytarib olgan amaldagi prezident yana yetti yillik muddatga saylanishi “deyarli aniq”.

“Tahlilchilarning fikricha, Aliyev sentabr oyida Qorabog‘ga uyushtirilgan harbiy hujumdagi mashhurligidan foydalanish uchun saylovni oldinga surgan. U saylovlar Ozarbayjon o‘z hududini to‘liq nazorat qiladigan „yangi davrning boshlanishi“ bo‘lishini istagan”, — ta’kidladi AP.

CBC telekanalining ma’lum qilishicha, prezidentlik saylovida saylovchilarning 76,73 foizi (4 871 032 nafar) ishtirok etgan. Ilhom Aliyev exit-poll (ovoz beruvchilar saylov uchastkasidan chiqqach o‘tkaziladigan so‘rov) natijalariga ko‘ra, 93,9 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Ilhom Aliyevni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab ulgurdi.