Tarmoqlarda Panorama airways tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Umra safaridan qayta olmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu yuzasidan Turizm qo‘mitasi bayonot berdi.

Qo‘mitasi litsenziyasiz Umra xizmatlarini taqdim etgan kompaniyalar haqida hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotganini bildirdi.

“Afsuski xozirgi paytda ayrim „tadbirkorlar“ tomonidan Umra tadbirlarini amalga oshirishda yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmay, Umra litsenziyasini olmasdan fuqarolarimizning ishonchiga kirib, noqonuniy ravishda ishlab kelishi uchramoqda. Turizm qo‘mitasi tomonidan bunday ma’lumotlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya olish uchun talablar va shartlar joriy etilgan edi:

  • Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
  • Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
  • Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
  • Umra xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish;
  • 100 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish. Mazkur zaxiradan turoperator tomonidan Umra xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar o‘rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalaniladi.

Agentlik Umra xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilar o‘rnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkinligini hamda ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar sud qaroriga muvofiq undirib berilishini eslatib o‘tgan.