Toshkent viloyati Ohangaron shahriga 2020-yil 4-iyundan buyon hokimlik qilib kelayotgan Akrom Jo‘rayevich Eshonqulov 6-fevral kuni faoliyatini tugatgani haqida e’lon berdi. Uning nutqi shahar hokimligi tomonidan taqdim etildi.

Hokim mazkur faoliyatidagi har bir daqiqasi uning hayotida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidlab, bunday imkoniyat uchun prezidentdan minnatdor ekanini bildirdi. U ishdan ketayotganiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida yozmadi.

“Ohangaron shahri mening ona shahrimdek yuragimdan joy oldi. Shahar ravnaqi yo‘lida nimaga erishgan bo‘lsam, barchasida Sizlarning mehnatingiz beqiyos. Ish jarayonlarida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchalaringizdan uzr so‘rayman. Xayr Ohangaron shahrim. Xayr jonajon shahrim”, — deya yakunladi post.

Akrom Eshonqulov 1976-yilda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan.

Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (magistratura) bitiruvchisi. Mutaxassisligi — iqtisodchi.

Ohangaronga hokim etib tayinlanguniga qadar Vazirlar Mahkamasining Toshkent viloyati Olmaliq shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha, Respublika bo‘ysunuvchi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan.

O‘tgan yillar davomida Toshkent viloyati hokimligi axborot-tahliliy guruhi rahbari, Ohangaron shahri hokimining birinchi o‘rinbosari, Ohangaron shahri hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.