Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda rus tili va adabiyot o‘qituvchisi o‘quvchilarni kaltaklagani aytilgan video tarqaldi. Unda erkak o‘qituvchi orqa qatorda o‘tirgan o‘quvchilardan birining yoniga borib, uning qorniga musht, yuziga tarsaki tushiradi, yana birini ham uradi.

Holat yuzasidan bolalar ombudsmani munosabat bildirar ekan, voqea 1-fevral kuni Navoiy shahrida joylashgan 18-sonli maktabda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

O‘qituvchi M.Sh. dars jarayonida 9-sinfning 2 nafar o‘quvchilari — A.A. va Sh. B. larni kaltaklagan. O‘quvchilardan biri A.A. va uning onasi tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘qituvchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Jarohat olgan o‘quvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishi tayinlangan.

Bolalar ombudsmani mazkur fakt yuzasidan bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan o‘z kuzatuvini qat’iy davom ettirishini ma’lum qildi.