O‘zbekistonning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov 6-fevral kuni Kuvayt poytaxtiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Kuvaytga tayinlanishidan oldin u TIVning Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

50 yoshli diplomat Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Al-Azhar” universiteti (Misr), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Xalqaro huquq, islomshunoslik, arab filologiyasi singari mutaxassisliklarga ega. Yuridik fanlar nomzodi.

2003-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida turli lavozimlarda, jumladan, markaziy apparatda, Saudiya Arabistonidagi elchixonada, Jidda shahri va Dubay emiratidagi (BAA) Bosh konsulliklarda ishlagan. Arab, rus va ingliz tillarini biladi.

Ayubxon Yunusov 2016—2022-yillarda mamlakatning Kuvaytdagi elchisi bo‘lib ishlagan Bahromjon Aloyev o‘rniga tayinlandi.