Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saraton kasalligiga chalingan. Bu haqda Bukingem saroyi ma’lum qildi.

“Qirol prostata bezining kengayishi bo‘yicha yaqinda kasalxonaga yotqizilganida, tashvishlanishning yana bir sababi aniqlandi. So‘nggi diagnostik tekshiruvlar saratonning bir turini aniqladi”, — deyiladi xabarda.

Bukingem saroyi saratonning qaysi shakli va qaysi bosqichda ekanini ochiqlamagan.

Saroy bayonotida aytilishicha, qirol davolanishni boshlagan, bu davrda u davlat ishlari va qog‘ozlar bilan shug‘ullanishda davom etadi, biroq shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra ommaviy tadbirlardan o‘zini saqlaydi.

Bukingem saroyi, shuningdek, qirol “o‘z holatiga ijobiy munosabatda bo‘lganini va imkon qadar tezroq davlat vazifalariga qaytishni intiqlik bilan kutayotganini” ta’kidladi.

The Guardian`ning yozishicha, qirol o‘z o‘g‘illari, shahzoda Uilyam va Garri (oilasi bilan AQShga jo‘nab ketgan), shuningdek, aka-uka va opa-singillari: malika Anna va shahzoda Endryu va Edvardga tashxis haqida shaxsan aytib bergan. Kutilishicha, shahzoda Garri tez orada otasini ko‘rish uchun Buyuk Britaniyaga uchadi, uning rafiqasi Megan Markl esa farzandlari bilan AQShda qoladi.

Nashrning ta’kidlashicha, hozircha Bukingem saroyi qirol harakatga layoqatsiz bo‘lsa, mas’uliyat o‘tadigan davlat maslahatchilari tayinlashni rejalashtirmayapti.

Siyosatchilar, diniy yetakchilar va taniqli shaxslar Charlz III ni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak butun mamlakat qirolning tezroq tuzalib ketishini tilashini aytdi. “Men uning yaqin kelajakda to‘liq tuzalib ketishiga shubha qilmayman”, — deb yozgan u.

Qirolning tashxisi haqidagi xabarga AQSh prezidenti ham munosabat bildirdi. “Saratonni tashxislash, davolash va omon qolish umid va mutlaq jasoratni talab qiladi. Jill va men Buyuk Britaniya xalqiga qo‘shilib, Janobi Oliylarining tezroq va to‘liq sog‘ayib ketishini so‘rab duo qilamiz”, — deb yozdi Jo Bayden.

  • Charlz III 75 yoshda. U 2022-yil sentabrida onasi qirolicha Yelizaveta II vafotidan keyin Buyuk Britaniyaning yangi qiroli bo‘lgan.