4-fevral kuni O‘zbekistonning O‘monga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov Maskat shahriga yetib bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

U 2018−2024-yillarda O‘zbekistonning Yekaterinburg (Rossiya) shahridagi bosh konsulligini boshqargan. 52 yoshli diplomat Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1993-yilda Buxoro viloyatidagi davlat tuzilmalarida boshlagan va Buxoro davlat universitetida arab tilidan dars bergan. 1999-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘tgan yillar davomida TIVning Buxoro bo‘limi, Konsullik boshqarmasi, Konsullik-huquqiy departamenti, Misr va Saudiya Arabistonidagi elchixonalarda turli lavozimlarda ishlagan.

Abdusalom Xatamov 2018—2021-yillarda O‘zbekistonning O‘mondagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Anvar Abduhalimov o‘rniga tayinlandi.