Futbol bo‘yicha O‘zbekiston MTJ hujumchisi Jaloliddin Masharipov faoliyatini Eronning “Istiqlol” klubida davom ettiradi. Bu haqda O‘FA hamda futbolchining yangi klubi ma’lum qildi.

“истиқлол” klubi, жалолиддин машарипов, эрон

“Istiqlol” klubi sportchi bilan 1,5 yillik shartnomaga kelishib olganini bildirdi, u 10-raqam ostida to‘p suradi.

“Tomonlar ushbu shartnoma loyihasini imzoladi va Jaloliddin Masharipov yaqin ikki-uch kun ichida Tehronga kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va yakuniy shartnomani imzolaydi”, — deyiladi xabarda.

“Istiqlol” Eron chempionatida 15-turdan so‘ng 32 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda bormoqda.

Futbolchining Samvel Babayan boshchiligidagi “Navbahor” klubiga o‘tishi mumkinligi ham aytilayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Masharipov 2023-yil sentabr oyida Gretsiya chempionati oliy ligasidagi “Panserraikos” futbol klubiga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tgandi va bir necha kun oldin uni tark edi. Sportchi jamoa safida jami 8 ta o‘yinda ishtirok etdi va 2 assistni o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi, shuningdek, bitta sariq kartochka oldi.

Undan avval futbolchi Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘ynaydigan Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubida to‘p surgan. O‘zbekistonlik futbolchi ushbu klubda 68 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urgan va 17 ta golli uzatmani amalga oshirgan. 2023-yil avgust oyida tomonlar shartnomani bekor qilishga qaror qildi, shundan so‘ng futbolchi erkin agentga aylangan.

Bungacha esa Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublarida jami 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazib, 42 ta gol urgan, 60 ta golga assistentlik qilgan va 5 marta O‘zbekiston chempionligi hamda 2 marta O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgan.

2020-yilda u Osiyo chempionlar ligasining eng yaxshi yarim himoyachisi, shuningdek, O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.

U 2016-yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 61 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ta gol urgan.