Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyadagi 37,4 mingta ish o‘rni uchun tanlov o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Quyidagi sohalarda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun 2024-yil 8−14-fevral kunlari ro‘yxatdan o‘tish rejalashtirilgan:

  • Ishlab chiqarish sohasida 22 248 ta;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida 6858 ta;
  • Xizmat ko‘rsatish-2 (mehmonxona va oshxona ishlari) sohasida 5403 ta (asosan ayollar uchun);
  • Qurilish sohasida 2898 ta.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yuqoridagi sohalardagi oylik maosh o‘rtacha 2000−2500 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

Koreyada ushbu sohalarda ishlash istagidagi nomzodlar uchun respublikaning barcha hududlaridagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida Qirol Sejong fondining koreyalik professional o‘qituvchilari tomonidan koreys tili kurslari tashkil etilgan.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nomzodlar soni yuqorida ko‘rsatilgan kvotalarga yetganidan so‘ng to‘xtatiladi. Nomzodlar yuqoridagi sohalardan faqat bittasini tanlashi kerak.

(2023-yilda kemasozlik sohasi uchun ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar 2024-yil hisobidan yana boshqa bir sohaga onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud).

2024-yil 8−14-fevral kunlari Agentlik taqdim etadigan havola orqali anketa to‘ldirib, ushbu anketa raqami bilan Milliy bankning mobil ilovasi yordamida (bank shoxobchalariga bormasdan) 28 $ miqdoridagi to‘lovni amalga oshirgan holda onlayn ro‘yxatdan o‘tish rejalashtirilgan.

Eps-topik test imtihonida qatnashish uchun:

  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
  • 18 yoshga to‘lgan (2006-yil 1-fevral sanasidan oldin tug‘ilgan) hamda 40 yoshga to‘lmagan (1984-yil 2-fevral sanasidan keyin tug‘ilgan);
  • Koreys tilini biladigan;
  • Xorijga chiqish uchun taqiqi bo‘lmagan;
  • Sog‘lom, yuqumli kasallikka chalinmagan;
  • Koreya Respublikasi hududiga kirishga taqiqi yo‘q;
  • Koreya Respublikasida E-9 yoki E-10 vizasi asosida 5 yildan ortiq muddatda ishlamagan;
  • O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilmagan, sudlanmagan bo‘lishi lozim.

Ro‘yxatdan o‘tish va yuklash uchun zarur ma’lumotlar:

  • Telefon raqami;
  • Xorijga chiqish pasportining sifatli rangli elektron shakldagi nusxasi (laminat qilingan tomoni, fayl hajmi 55 kb dan 60 kb (600×400 piksel) gacha JPG formatida bo‘lishi lozim);
  • 3,5×4,5 hajmdagi oq fonli sifatli rangli rasm (fon bilan ustki kiyimning rangi bir xil bo‘lmasligi kerak, fayl hajmi 13 kb dan 14 kb (100×300 piksel) gacha JPG formatida bo‘lishi lozim) Pasport va rasmni yuklash tartibi;
  • Yashash manzili (viloyat, tuman, MFY, ko‘cha va xonadon).

Ma’lumotlar faqat lotin alifbosida va to‘g‘ri kiritilishi zarur.

Nomzodlardan ma’lumotlarni xorijga chiqish pasporti asosida to‘liq va aniq kiritilishi so‘raladi. Ma’lumotlari xato yuklangan yoki kiritilgan nomzod testda qatnasha olmasligi yoki testdan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda ham unga viza rad etilishi mumkin.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi. Murojaat uchun: 71 202−33−55.