Toshkent shahri IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 168-moddasi (Firibgarlik) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida 1993-yilda tug‘ilgan Abdumalikov Toxirjon Abdugappor o‘g‘li jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlandi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar qildi.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, ushbu shaxs fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar joy va transport vositalarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan.

Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va transport vositasini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Vaholanki, garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3−4 barobar ko‘p bo‘lgan.

Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan yoki jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha biror ma’lumotga ega fuqarolardan Toshkent shahar IIBBning 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99−370−73−94 Telegram raqamiga murojaat qilish so‘ralgan. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.