Amerika Qo‘shma Shtatlari Iordaniyadagi AQSh harbiy bazasiga uyushtirilgan dron hujumiga javoban Iroq va Suriyadagi Eron nishonlariga zarba berish rejalari bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar bermoqda CBS News prezident Jo Bayden administratsiyasi rasmiylariga tayanib.

Telekanal manbalarining qayd etishicha, ob-havo hujumlar vaqtini belgilab beruvchi asosiy omil bo‘ladi.

“AQSh armiyasi yomon ob-havo sharoitida ham zarba berish imkoniyatiga ega, biroq nishonlar yaxshiroq ko‘rinadigan vaqtni tanlashni afzal ko‘radi: so‘nggi daqiqada hududda paydo bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan tinch aholini beixtiyor nishonga olib qo‘yishning oldini olish uchun”, — deb yozadi CBS.

28-yanvar kuni noma’lum dron AQShning Iordaniyadagi Tower 22 harbiy bazasiga zarba bergandi, oqibatda uch nafar askar halok bo‘lgan, 40 dan ortiq kishi jarohatlangan. AQSh hujumda Eronni ayblagan, Bayden esa Amerika hujumga javob qaytarishiga va’da bergan. Tehron hujumga aloqadorligini rad etadi.