2-fevral kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Qatarga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Tadbir jonli efirda tarmoqlarda uzatib borildi.

Unda jurnalistlardan biri jamoa murabbiyiga avvalgi terma jamoasi Iroq bilan Qatarga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganini eslatdi va bu safar O‘zbekiston bilan Qatar jamoasiga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rayotganini so‘radi. Gap Srechko Katanetsning 2018−2021-yillarda Iroq terma jamoasiga murabbiylik qilgan davri haqida ketmoqda. Savolga javoban murabbiy O‘zbekiston terma jamoasida Qatarni ham xavotirga soladigan jihatlar borligini aytdi.

“Samimiy tilaklaringiz va menga o‘sha mag‘lubiyatni yana esga solganingiz uchun rahmat. Shuni aytishim kerakki, men Fors ko‘rfazi kubogining ochilish o‘yinida Qatarga qarshi o‘yinda ham g‘alaba qozonganman. Ertangi uchrashuv haqida aytadigan bo‘lsam, mening vazifam jamoani qo‘limdan kelgancha zo‘r qilib o‘yinga tayyorlash. Ikki yarim yildan beri birgamiz, agar ular Qatar jamoasiga qarshi qanday o‘ynash kerakligini bilishmasa, bu xato bo‘ladi. Aminmanki, ular buni yaxshi bilishadi. Biz [o‘yinni] yaxshi tashkillashtirishimiz shart. Bizda ham Qatarni xavotirga solishga majbur qiladigan ba’zi taraflarimiz bor. Ular bizni ko‘rishdi, biz esa ularni…”, — deya ta’kidladi murabbiy.

Hali jamoa bilan uchrashmadim. Holat yaxshilangan deb umid qilaman. Jarohatlanganlar bo‘yicha deyarli hech narsa o‘zgarmagan, biroq betob o‘yinchilarimiz sog‘ayish arafasida, deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, u natija o‘yinchilarning harakatlariga, o‘sha paytdagi vaziyatlar, jarohatlar va yana boshqa ko‘plab jihatlarga bog‘liqligini eslatdi. Avval ta’kidlaganimdek, bor e’tiborim oldindagi bahsga qaratilgan, qolgani keyin ma’lum bo‘ladi. Bizda yaxshi o‘yinchilar yetarli. Chorak finalga qadar yetib keldik, buyog‘iga yo‘qotadigan narsamiz yo‘q, dedi Katanets.

3-fevral kuni O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogining chorak finalida Qatarga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv soat 20:30 da “Al-Bayt” stadionida start oladi. Terma jamoa oq rangli libosda harakatlanadi.

Jamoa bungacha nimchorak finalda Tailandini 2:1 hisobda mag‘lubiyatga uchratgandi. G‘alabadan so‘ng jamoa murabbiyi Katanets o‘yindan mamnun bo‘lganini, bu ish oson bo‘lmaganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv 2017-yilda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Odil Ahmedov kiritgan gol hisobiga jamoa g‘alaba qozongandi.