Bosh vazir Abdulla Aripov 2-fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqdi.

Tadbirda bir qator hukumat rahbarlari, xususan, Belarusdan Roman Golovchenko, Qozog‘istondan Alixan Smailov, Rossiyadan Mixail Mishustin, shuningdek, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qosimaliyev ishtirok etdi.

O‘zbekiston hukumati rahbari Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan tuzilgan 2021−2023-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi to‘liq amalga oshirilgani, buning natijasida “yangi o‘sish nuqtalari va iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari shakllanganini” ta’kidladi.

“Biz kelgusi davr uchun O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining ko‘p tomonlama dastur va loyihalarida amaliy ishtirokini kengaytirishni nazarda tutuvchi yangi dasturiy hujjatni shakllantirishni boshlashni taklif qilamiz”, — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir O‘zbekiston YOIIning transchegaraviy tartib-qoidalar va multimodal transportni soddalashtirish, iqlim kun tartibi va elektron tijorat sohasidagi sanoat loyihalariga qo‘shilganini eslatib o‘tdi.

“O‘zbekiston uchun YOII bilan kuzatuvchi maqomida o‘zaro hamkorlikning real natijalariga erishishni ta’minlash muhimligini ta’kidlamoqchiman”, — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir o‘z nutqida, shuningdek, YOII mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining erkin savdo rejimining to‘liq amal qilishini ta’minlashni taklif qildi.

“Yashil yo‘laklarning to‘liq ishlashini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tarif va notarif to‘siqlarsiz erkin savdosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish to‘g‘risida tegishli vazirlarimiz darajasida maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qilamiz”, — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va YOII mamlakatlarining bu boradagi o‘zaro hamkorlik darajasi “hali ham oziq-ovqat xavfsizligi tahdidiga tezkor javob berish imkonini bermaydi”.

Abdulla Aripov, shuningdek, O‘zbekiston va YOII o‘rtasidagi xalqaro tashuvlarda tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvi haqidagi hujjatni imzolashni taklif qildi.