Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2050-yilga borib saraton kasalligiga chalinganlar soni 35 milliondan oshib ketishini prognoz qilmoqda. Bu 2022-yilda qayd etilgan 20 million saraton kasalligi ko‘rsatkichidan 77 foizga ko‘p.

Prognoz JSST tizimiga kiruvchi Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (XSTA) tomonidan baholangan. Hisobot 4-fevralda nishonlanadigan Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni arafasida e’lon qilindi.

“Saraton kasalligining tez o‘sib borayotgan tahdidi dunyo aholisining qarish darajasi va sonining oshib boryotgani, shuningdek, odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq xavf omillari ta’sirining o‘zgarishini aks ettiradi”, — deyiladi tashkilot xabarida. Tamaki, alkogol, ortiqcha vazn va havoning ifloslanishi saraton kasalligi ko‘payishining asosiy omillari bo‘lib qolmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda dunyodagi eng keng tarqalgan uchta saraton kasalligi turlari o‘pka saratoni, ko‘krak bezi saratoni va yo‘g‘on ichak saratoni bo‘lgan.

O‘pka saratoni 1,8 million o‘limni yoki shu turdagi kasalliklar umumiy o‘limining 18,7 foizini tashkil etgan. Undan keyin yo‘g‘on ichak saratoni — 900 ming o‘lim (9,3 foiz), jigar saratoni — 760 ming o‘lim (7,8 foiz), ko‘krak bezi saratoni — 670 ming o‘lim (6,9 foiz) va oshqozon saratoni — 660 ming o‘lim (6,8 foiz). 2022-yilda saraton kasalligidan jami 9,7 million kishi vafot etgan.

Mutaxassislar saraton, ayniqsa, ko‘krak bezi saratonining inson taraqqiyoti indeksiga (ITI) bog‘liqligini ta’kidlaydi. Inson taraqqiyoti indeksi juda yuqori bo‘lgan mamlakatlarda har 12 ayoldan biri hayoti davomida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanadi va har 71 ayoldan biri bu kasallikdan vafot etadi. Bundan farqli o‘laroq, inson taraqqiyoti indeksi past bo‘lgan mamlakatlarda har 27 ayoldan biri hayoti davomida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanadi va har 48 ayoldan biri vafot etadi.

“ITI past mamlakatlarda ayollarga ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangani haqida tashxis qo‘yish ehtimoli indeksi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagi ayollarga qaraganda 50 foizga kamroq. Shu bilan birga, kech tashxis qo‘yilgani va sifatli davolanish imkoniyati yetarli bo‘lmagani uchun ularda ushbu kasallikdan o‘lish xavfi ham ancha yuqori”, — deydi XSTA saratonni kuzatish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Izabel Surjomataram.

Global tengsizlik saraton xizmatlarini qamrab olish darajasida ham o‘z tasdig‘ini topgan. Ya’ni yuqori daromadli mamlakatlarda o‘pka saratonini davolash bilan bog‘liq protseduralarning davlat tomonidan qoplanadigan tibbiy xizmatlar ro‘yxatiga kiritilish darajasi kam daromadli mamlakatlarga qaraganda 4−7 baravar ko‘proq.

“JSST tomonidan olib borilgan yangi global tadqiqotda jiddiy tengsizliklar va saraton kasalligidan moliyaviy himoyaning yetishmasligi sababli butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda saraton kasalligini davolashning muhim usullaridan mahrum bo‘lgan aholi haqida so‘z boradi”, — deydi sog‘liqni saqlash departamenti direktori doktor Bente Mikkelsen.

Umuman olganda, JSSTning 115 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatadiki, aksariyat mamlakatlarda saraton kasalligini davolashda zarur bo‘lgan xizmatlar uchun yetarli mablag‘ yo‘q. Ishtirokchi mamlakatlarning atigi 39 foizi saraton kasalligining asosiy davolash xarajatlarini qoplaydi va faqat 28 foizi palliativ yordamga muhtoj odamlarga yordam beradi.