“Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Muhammadali O‘rinboyev Angliyaning “Brentford” klubiga ijaraga berildi. Bu haqda klub axborot xizmati xabar qildi.

“O‘zbek futboli tarixida birinchi bor o‘zbek futbolchimiz O‘zbekistondan Angliyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi!”, — deyiladi klub xabarida.

Klublar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, u 30-iyunga qadar “Brentford”da ijarada asosida o‘ynaydi. Ushbu muddatdan keyin esa Angliya klubi Muhammadalini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘rinboyev “Paxtakor”da 17 yoshga to‘lmasdan o‘z debyutini o‘tkazgan va o‘z yosh toifasida terma jamoa a’zosi sanaladi.

“Shu tariqa iqtidorli futbolchilarni yetishtirib chiqarishda davom etayotgan „Paxtakor“ akademiyasining navbatdagi tarbiyalanuvchisi ham xorij chempionatiga yo‘l oldi. Hozirgacha Angliyaning professional klublarida o‘zbek futbolchisi faoliyat olib bormagan”, — deyiladi xabarda.

“Brentford” klubi Angliya Premer-ligasida 21 ta o‘yindan (6 ta g‘alaba, 4 ta durang, 11 ta mag‘lubiyat) so‘ng 22 ochko to‘plab, 15-o‘rinda ketmoqda.