Andijon viloyati Asaka tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarining birida ko‘p yillik 6 tup chinor daraxti kesilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Tumanning “Yangiobod” mahallasidagi mazkur daraxtlarning kesilishi bo‘yicha tegishli ruxsatnomalar olinmagan. “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni talablarini qo‘pol ravishda buzilgan va bu bilan o‘simlik dunyosiga 317 million 50 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq senat daraxtlarni noqonuniy kesgan fuqarolar 8,5 million so‘mdan 25,5 million so‘mgacha, mansabdorlar esa 17 million so‘mdan 34 million so‘mgacha jarima yoki 15 sutkalik qamoq jazosi bilan jazolanishini nazarda tutuvchi qonuni ma’qullagandi. 1 tup daraxt kesgan shaxs uning o‘rniga 100 tup daraxt ekishi belgilanmoqda.