Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets 30-yanvar kuni o‘tkazilgan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida Tailand ustidan qozonilgan g‘alaba (2:1) va Osiyo Kubogining chorak finaliga chiqish haqida fikr bildirdi.

60 yoshli mutaxassis futbolchilarining o‘yinidan mamnun bo‘lganini aytdi.

“O‘yin menga juda yoqdi. Futbolchilarimning harakatidan qoniqdim. Ular yaxshi harakat qilishdi. Muxlislarga rahmat, ularni xursand qildik deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limda bir necha gol kiritishimiz mumkin edi. Keyingi o‘yinda bugungi kabi imkoniyatlarni ko‘kka sovursak, keyingi bosqichga o‘tishimiz qiyin bo‘ladi”, — deya uning so‘zlarini keltiradi Championat.Asia.

Murabbiy chorak finaldagi navbatdagi raqib haqida gapirar ekan, Qatar ushbu Osiyo Kubogida mag‘lub bo‘lmaganiga (to‘rtta o‘yin ham g‘alaba bilan yakunlangan) urg‘u berdi.

“Bu safar ham ular faqat g‘alaba qozonish uchun o‘ynashadi. Men o‘z jamoamga ishonaman. Ularning harakatlaridan qoniqmoqdaman. Bugun ham o‘yindan oldin bizda ba’zi muammolar bor edi. Ko‘p futbolchilarda qandaydir virus bor edi. Shukurov ham aynan shu sabab o‘yinni o‘tkazib yubordi. Biz shu holatda ham yaxshi o‘ynadik. Nega Qatarni hayron qoldira olmasligimiz kerak?” — u aytdi.

Srechko Katanets avvallari o‘zi ishonmagani aytilayotgan past bo‘yli o‘yinchilardan foydalangani, shuningdek, Igor Sergeyevning jarohatidan so‘ng tarkibda mavjud hujumchilar Azizbek Amonov va Bobur Abdiholiqovlar o‘yinga tushmagani haqidagi savolga ham javob berdi.

“Fikrimcha, siz bugungi g‘alabimizdan xursand emasdek taassurot qoldiryapsiz”, — dedi u jurnalistlarga. “Hujumchisiz o‘ynagan bo‘lsak ham oldindagi uchta o‘yinchi bugun yaxshi harakat qildi. Sal kamtarroq bo‘laylik. Terma jamoa ichkarisidagi muammolarni ko‘pchilik bilmaydi. Biz dunyoning eng zo‘r jamoasi emasmiz. Bugungi g‘alabamizdan qoniqishingiz kerak. Ishoning, bu oson emas”.

Shuningdek, bosh murabbiy so‘nggi paytlarda terma jamoa futbolchilari kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani haqida ham gapirdi.

“Oxirgi payt futbolchilarimizda o‘yin amaliyoti kam edi. Masharipov oxirgi olti oy ichida qancha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganini bilasizmi? Shunday holatdan keyin uning bugungi ko‘rsatgan o‘yini oldida shlyapamni yechaman. Ba’zida, Braziliya yoki Argentina terma jamoasi murabbiyimanmi deb o‘ylab qolaman. Hozir imkoniyatlarimizdan kelib chiqib harakat qilyapmiz.”, — dedi u.

Murabbiy jarohatlangan futbolchilar soni haqida ham gapirib o‘tdi.

“Eronga qarshi o‘tkazilgan JCH saralashi doirasidagi o‘yindagi asosiy tarkibdan Shomurodov, Sergeyev, Aliqulov, Alijonov va Nasrullayev bugun maydonga tushmadi. Ularning barchasi asosiy tarkib o‘yinchilari. Shomurodovni jamoaga dalda bo‘ladi deya qaydnomaga kiritmoqchi edik, ammo „Kalyari“ bunga ruxsat bermadi. Men o‘z ishimni juda yaxshi bilaman. Futbol bu shunchaki o‘yinchilarni pozitsiyalarga joylashtirib chiqish emas. Men bugun qayd etgan natijamizdan mamnunman. Yuqorida sanalgan o‘yinchilarning birortasi Qatarga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi”, — dedi u.

осиё кuбоги 2023, сречко катанец, o‘zбекистон terma jamoasi, фuтбол

Srechko Katanets 21 yoshli yarim himoyachi Diyor Xolmatovning terma jamoadagi debyutini ham yuqori baholadi.

“Diyor bugun juda zo‘r o‘ynadi. Aynan uning harakatlari sabab maydon markaziga kelgan ikkinchi to‘plarning deyarli barchasiga ega chiqdik. Diyor texnik jihatdan juda kuchli. Uning kelajagi porloq. Terma safida Zafarmurod, Abduqodir va Abbosbek kabi yosh o‘yinchilar o‘ynashmoqda. Bu albatta yaxshi”, — deydi mutaxassis.

Bosh murabbiy Qatarga qarshi o‘yinda qanday taktikani tanlashini oshkor etmadi.

“O‘yinda ko‘rasiz. Qatarda ikki juda kuchli o‘yinchi bor. Ular uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynashadi. Kecha ikkita himoyachi bilan o‘ynashga o‘tishlari bilan muammoga duch kelishdi. Biz ham bu o‘yinda har xil o‘yin ko‘rsatamiz. Men o‘rtadagi balansni topishim kerak. Men terma jamoa taktikasi bilan hazillasha olmayman. Bugun men o‘yinimizdan qoniqdim, kimdir qoniqmagan bo‘lsa, bu ularning muammosi. Men o‘yindan oldin motivatsiya berishni yoqtirmayman. Lekin bugun yigitlarga o‘yindan oldin birinchi navbatda o‘z o‘yinlaridan qoniqish hosil qilishlari kerakligini tushuntirdim. O‘yinchilar o‘z maksimumlarida harakat qilishsa, muammo bo‘lmaydi. Mag‘lub bo‘lamizmi, g‘alaba qozonamizmi, OAV buni ikki kun yozadi. Keyin hammasi unutiladi”, — deya ta’kidladi u.

O‘zbekiston 3-fevral kuni soat 20:30 da Qatarga qarshi bahs olib boradi.