AQShning Florida shtati Markaziy okrugi prokuraturasi AQSh fuqarosi Abduvosit Raziqov (44 yoshda) va O‘zbekiston fuqarosi Dilrabo Obidovani (35 yoshda) immigratsion firibgarlik va AQSh hukumatini aldashda ayblamoqda. Bu haqda prokuratura saytida aytiladi.

Ular, jumladan, federal idoralarga yolg‘on ko‘rsatmalar berish, immigratsiya imtiyozlarini olish, AQSh pasporti olish uchun ariza to‘ldirishda yolg‘on ma’lumotlar berish va AQSh pasportini noqonuniy ravishda olish maqsadida ko‘p yillar davomida til biriktirib kelishda ayblanmoqda.

Shuningdek, Raziqov va Obidova pasport firibgarligi bilan bog‘liq bir nechta holatda ayblanmoqda, Obidova esa, bundan tashqari, federal idoralarga yolg‘on ma’lumotlar berganlikda va noqonuniy ravishda AQSh fuqaroligini olishga urinishda gumonlanmoqda.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, aslida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Raziqov AQSh fuqarosi bilan soxta nikoh qurish orqali avvaliga immigrant maqomini, keyinchalik esa AQSh fuqaroligini olgan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Raziqov va Obidova ayol ham AQSh fuqarosi bilan soxta nikoh qurish orqali immigratsiya imtiyozlarini olishi uchun o‘zaro til biriktirgan. Ayni paytda Raziqov va Obidova yashirincha turmush qurgan va buni migratsiya idoralaridan yashirgan. Er-xotin farzandlarining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarida Obidovaning soxta erini bolalarning otasi sifatida ham ko‘rsatgan. Yakunda ikkisi ham Raziqov va farzandlari uchun AQSh pasporti olish bo‘yicha yolg‘on ma’lumotlardan iborat arizalar topshirgan.

Qo‘shma Shtatlarda qonuniy ravishda doimiy rezident bo‘lganidan so‘ng, Obidova AQSh fuqaroligini olishga ham harakat qilgan. Ayblov xulosasida aytilishicha, ayol fuqarolikka qabul qilish arizasida kelib chiqishi, nikoh holati va immigratsiya maqomini olishga urinishlari haqida ko‘plab yolg‘on ma’lumotlar bergan.

Agar Raziqov va Obidova aybdor deb topilsa, ular jinoiy til biriktirgani uchun 5 yilgacha, pasport olishdagi firibgarlik uchun esa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Shuningdek, Obidova federal idoralarga yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun 5 yil, AQSh fuqaroligini noqonuniy olishga uringani uchun 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.