2024-yilda “Tashabbusli budjet” jarayonlarining 1-mavsumidan boshlab ayrim o‘zgartirishlar kuchga kirishi kutilmoqda. Xususan, “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi joriy etiladi. Bu haqda 31-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi departamenti direktori Sherzod Muhamedov ushbu tizim haqida batafsil ma’lumot berdi.

ташабbuсли  budjet, bir fuqaro — bir ovoz

Sherzod Muhamedov. Foto: AOKA.

“Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus elektron bazasini elektron hukumat bilan integratsiya qildik. Ya’ni endilikda fuqaro loyihaga ovoz berayotganida uning shaxsiga avtomatik ravishda aniqlik kiritiladi va u tomonidan berilgan birinchi ovoz qabul qilinadi. Misol uchun, menda o‘z pasportimga olingan to‘rtta SIM karta bor. Men loyihaga birinchi SIM kartam orqali ovoz bersam, „Hurmatli fuqaro, sizning ovozingiz muvaffaqiyatli qabul qilindi“, degan SMS xabarnoma keladi. Keyingi ikkinchi SIM kartam orqali ovoz berishga urinsam, bizning baza uni avtomatik tarzda tekshirib, „Hurmatli fuqaro, siz (raqam ko‘rsatiladi — tahr.) telefon raqamingiz orqali avval ovoz berib bo‘lgansiz“, deya rad javobi keladi”, — dedi vazirlik vakili.

Uning qayd etishicha, “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz berish jarayonida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi: fuqarolar avvalgidek o‘zlari xohlagan loyihaga faqat uyali aloqa vositalari orqali SMS xabarnomalar olgan holda ovoz beradi.

“„Bir fuqaro — bir ovoz“ tizimida fuqarolar ovoz berayotgan paytida qo‘shimcha ma’lumotlar yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa ma’lumotlarni kiritishlariga hojat yo‘q. Yuqorida aytganimdek, oldingidek „Open budget“ portaliga kirib, telefon raqamini terib va kelgan SMS kodni tasdiqlagan holda ovoz berishadi, xolos. Qolgan jarayon vazirlikning elektron bazasida amalga oshirilib, fuqarolarga avtomatik ravishda javob yuboriladi”, — dedi u.

Sherzod Muhamedovning aytishicha, “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi yangiligi sababli fuqarolar orasida ko‘plab tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

“Ko‘p oilalarda bir odam nomiga bir qancha SIM kartalar rasmiylashtirilgan bo‘ladi. Misol uchun, men o‘zimning pasportim orqali singlimga, ota-onamga raqam olib berganman, deylik. Ammo ular „Tashabbusli budjet“ loyihalarida ovoz bera olmasligi mumkin. Chunki ular ovoz berayotgan vaqtda vazirlik bazasi orqali avtomatik tarzda telefon raqam kimning nomida ekani tekshiriladi. SIM kartani kim ishlatayotgani ahamiyatsiz, u kimning nomidaligi muhim. Jarayonda SIM karta kimning pasportiga olingani va u fuqaro avval boshqa SIM kartasi orqali loyihaga ovoz bergan yo bermagani ham tekshiriladi. Shunga qarab, javob SMS yuboriladi”, — dedi departament direktori.

“Shu sababli barcha fuqarolar va jamoatchilikka aytgan bo‘lardikki, kimdadir shu kabi holatlar kuzatilsa, demak sizning nomingizga boshqa odam uchun ham sim karta olingan yoki siz ishlatayotgan telefon raqam boshqa bir fuqaro nomiga olingan va u boshqa loyihaga ovoz berib bo‘lgan. Ushbu holatlarda sizning ovozingiz qabul qilinmay qoladi”, — dedi u.

Departament direktori “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimini yo‘lga qo‘yishga sabab bo‘lgan omillar to‘g‘risida ham gapirdi.

“O‘tgan ikki mavsumda fuqarolar o‘z nomiga yuzlab, minglab SIM kartalarni rasmiylashtirib, ovoz yig‘gani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. „Bir fuqaro — bir ovoz“ tamoyili amalda ishlamayapti”, degan murojaatlar keldi. Misol uchun, bizning mahallada ming nafar odam yashaydi, ammo SIM kartalar sotib olish orqali o‘n minglab ovoz yig‘ildi. Ammo qo‘shni mahalla aholisi SIM kartalar sotib ololmadi va yetarli ovoz to‘play olmadi", degan e’tirozlar bo‘ldi", — dedi Sherzod Muhamadiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng bu masalaga yechim sifatida har xil variantlar va turli yo‘llar ustida o‘ylangan. Oxir-oqibat, ovoz beruvchilarga qiyinchilik tug‘dirmaslik uchun shu variant tanlangan.

“Jamoatchilik, ya’ni OAV vakillari, jurnalist va blogerlar bilan maslahatlashgan holda „Bir fuqaro — bir ovoz“ tizimini tanladik va joriy qildik”, — dedi vazirlik rasmiysi.