31-yanvar kuni kechki payt Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida poyezd Gentra`ni urib yuborishi oqibatida bir oilaning 5 a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea Sho‘rchi-Elbayon temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. Sariosiyo-Toshkent yo‘lovchi poyezdi mazkur temiryo‘l kesishmasidan o‘tayotgan Gentra mashinasini urib yuborib, shoshilinch to‘xtagan.

Oqibatda Gentra haydovchisi — 35 yoshli B.N. va uning 2 yoshli o‘g‘li turli tan jarohatlari olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Haydovchining 64 yoshli onasi, 29 yoshli turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandi — 12 yoshli qizi, 9 yoshli o‘g‘li va 5 yoshli qizi voqea joyida halok bo‘ldi.