Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 30-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatdagi ayrim tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlarini tanqid qilib, ularni ishdan bo‘shatishni buyurdi.

Uning aytishicha, Angren, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Pskent, Chinoz va Yangiyo‘l tumanlari tibbiyot punktlari bosh shifokorlari mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari bilan shartnoma tuzmagan.

“Bularga import dori kerak faqat. Nimaga keldilaring yig‘ilishga? Davlat rahbarining murojaatlariga qarab, eshitib, qancha muhokama bo‘lgandan keyin nima haqlaring bor [buyruqni] bajarmaslikka sizlarning? Kim sizlarga bunaqa vakolat berdi? Shunchalik ham noinsofmisizlar, insofdan chiqib ketganmisizlar?” — so‘radi viloyat hokimligi rahbari.

U o‘zining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekovga “hammasining arizasini olish"ni (ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi) buyurdi.

Shuningdek, viloyat hokimi Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi rahbariyatiga ishchi guruh tuzib, bosh shifokorlar kimlar bilan shartnoma tuzgani, xorijdan keltirilgan dori-darmonlarni qanday narxda xarid qilayotganini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Nimaga import doriga shartnoma qiladi, o‘zimizniki yoqmaydi bularga? Nimaga bularning fikri buzuq? Baho berasizlar. Men sizga prokuraturadan ham, [Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish] departamentidan ham, soliqdan ham… odam qo‘shib beraman. Offshor firmalardan, „obnal“ firmalardan dori olayotganinglar to‘g‘risida bilmaydi, deb o‘ylaysizlarmi? Bilmaydi, deysizlarmi?” — so‘zini davom ettirdi Zoyir Mirzayev.

Toshkent viloyati rahbari nega bosh shifokorlar “xalqqa xiyonat qilib, kasalning haqidan kun ko‘rayotganidan” hayron bo‘ldi.

“Bularning hammasi “sabotajnik”! Men hali viloyat tibbiyot muassasalarini ham [tekshiraman]… Menga bo‘ysunuvi (tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligiga bo‘ysunadi — tahr.), boshqasining farqi yo‘q, respublika bo‘lsin yoki filialmi, “territoriya"da o‘tiribdimi — talab qilaman. Tushuntiroldimmi? Hammasining arizasini olasiz hozir” — deb topshiriq berdi u.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan bosh shifokorlar o‘z lavozimlariga mos keladimi, degan savol bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilish zarur. Zoyir Mirzayev rahbarlik lavozimlariga “vatanparvarlar” kerak, deb hisoblaydi.

“Rahbarimiz aytganlaridek, tajribasi bo‘lmasa ham, Vatanni yaxshi ko‘rsa, vatanparvar bo‘lsa, manavi yuragi salgina Toshkent viloyati uchun yonadigan bo‘lsa, o‘shani qo‘yamiz. Kecha institutni bitirib kelgan bo‘lsa ham mayli — fikri to‘g‘ri bo‘lib, buzilib ulgurmagan hali” — dedi u.

Zoyir Mirzayevning aytishicha, viloyatda 5700 dan ortiq shifokor retsept yozadi. “Misol uchun, mana, Pskent tumani tibbiyot birlashmasi hirurg va terapevt „vrachlari“ tomonidan hanuzgacha 8−10 tagacha dori vositasi yozib berilayotgani aniqlandi. Rekord Pskent… Qayerdan kelyapti 8 ta dori? Oddiy kasal ham biladi kasalxona atrofida joylashgan dorixona kimga tegishliligini”, — deydi u.

Viloyat rahbari prokurordan Bosh prokuratura huzuridagi departament, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi va boshqa tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda Pskent va Chinoz tumanlarini tekshirishni so‘radi.

U, shuningdek, “Dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati viloyat filiali rahbariga hayfsan berdi.

Zoyir Mirzayevning aytishicha, bosh shifokorlar tibbiyot muassasasi hududini nazorat qilmaydi. “O‘zi ham yemaydi, birovga ham bermaydi, hech narsaga tegmaydi. Yantoq ham o‘sib yotaveradi, daraxt ham qurib yotaveradi, „bruschatka“ dabdala bo‘lgan, asfalt qo‘porilib ketgan. Hech narsa qilmaydi, shunday bitta yo‘ldan kiradi janob „glavvrach“, o‘sha yo‘ldan qaytib chiqadi. Boshqa yo‘lga yursalar, oyoqlari qayrilib qoladi. U odam uzoq yashaydi, hech narsa qilmagan odam uzoq yashaydi… Bundan xalqqa nima naf?” — dedi u.

Hokim bosh shifokorlar ishiga haqiqiy baho berish maqsadida jamoat guruhlari bilan birgalikda shifoxonalarga borib, ishchilar va bemorlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazmoqchi ekanini aytdi. U shifokor tomonidan ko‘rsatilgan barcha dorilar shifoxonaning o‘zida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Video