O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2023-yilda 11 foizni tashkil etdi. Bu haqda Kambag‘allikni qizqartirish va bandlik vazirligi xabar qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Statistika agentligi tomonidan 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allikni darajasi tahlil qilindi. Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan 16 mingta uy xo‘jaliklari kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2023-yil yakunida 11 foizgacha pasaydi.

O‘zbekistonda o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foizga kambag‘allik qisqargan. 2022-yil natijalarida kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil etgan. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi.

Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi. Sirdaryo (19,5 foizdan 13,8 foizgacha), Andijon (17,4 foizdan 11,9 foizgacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (19,9 foizdan 13,7 foizgacha) sezilarli darajada qisqargan.

Minimal o‘zgarishlar Toshkent shahri (8,5 foizdan 7,9 foizgacha) va Buxoro (11.9 foizdan 11,8 foizgacha), Qashqadaryo (12,7 foizdan 11,5 foizgacha) viloyatlarida aniqlangan.

Qayd etilishicha, 2023-yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishilgan.

Hokim yordamchilari ko‘magida 241,3 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer maydonlari ajratilgan. “20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745 ta tadbirkorlik subyektlari bilan 455,0 ming nafar aholini badligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolangan.

Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln so‘m imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalarni amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Kambag‘al oilalarni “Individual dastur”lar tuzish orqali 2023-yilda 208 ming oilaning 873 ming oila a’zosi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, 2024-yilda kambag‘allikdan 150 ming oila (va uning 700 ming oila a’zosi) chiqarilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.