1-apreldan O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalarni mahalla raisi va tashabbuskorlar ko‘rib, rozilik bergandan keyin foydalanishga qabul qilish rejalashtirimoqda. Bu “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 2024-yilga mo‘ljallangan rejalari qatoridan o‘rin olgan.

Unda keltirilishicha, mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirish maqsadida 2024-yil aprel oyidan boshlab “Tashabbusli budjet” doirasidagi loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etiladi.

Qolaversa, 1-martdan loyihalarga ovoz berishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi joriy etilishi mumkin. Bunda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi ovoz berish jarayonida fuqarolarni identifikatsiyadan o‘tkazishi rejalashtirilgan.

1-avgustga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ya’ni mahallalar tashabbusli budjet bo‘yicha bajarilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma’lumotlar olishi uchun imkon yaratilishi maqsad qilingan. Bundan tashqari, loyihalarga mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratilishi mumkin.

Mazkur vazifani bajarish iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov va Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev zimmasiga yuklatilgan.

“Yuksalish” harakatining monitoringi davomida 2022-yilda “Tashabbusli budjet”da yutgan 50 dan ortiq loyihada ishlar sifatsiz qilingani, to‘liq moliyalashtirilmagani va yakuniga yetmagani aniqlangandi.

Ma’lumot uchun, “Tashabbusli budjet”ning 2024-yilgi ilk mavsumi 1-fevraldan boshlanadi. Bu mavsum uchun 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.