O‘zbekiston 150 million dollarga Xitoydan elektr tez tibbiy yordam mashinalari sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida ma’lumot berildi.

O‘tgan hafta Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan investitsion forumda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xitoy Savdo-sanoat palatasi va Henan Costar Group o‘rtasida tez tibbiy yordam xizmati uchun elektromobillar xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

“Bu IVECO eng zamonaviy elektromobil, bitta “zaryadka"da 450 kilometrgacha yuradi. Yoqilg‘i moylash masalasida 10 baravar tejamkor. Bu avtomobil barcha zamonaviy uskunalar, birinchi yordam jihozlari, elektrokardiograflar bilan jihozlangan va namlikka, issiqqa chidamli hisoblanadi. Xizmat qilish davri juda katta”, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvohidjon G‘afurov.

Xitoy elektromobillari O‘zbekistonning chekka hududlarida sinovdan o‘tganidan so‘ng investitsiya asosida sotib olinadi. Kelishuv doirasida Henan Costar Group kompaniyasining elektromobillarga xizmat ko‘rsatish va modifikatsiyalash bo‘yicha zavodini ochish rejalashtirilgan.

“Bizning buyurtmamizga asosan xitoylik hamkorlarimiz mana shu [siz] ko‘rib turgan ihcham avtomobilni bizga yaratib berdi… Shu kichkina avtomobil bitta katta reanimobilning vazifasini bajaradi. Bir kunda 15 tadan 25 tagacha chaqiruv bajara oladi… [Tez yordam chaqiruvlarining] 85 foizi yengil chaqiriqlar va ushbu yengil chaqiriqlar xuddi shunday „doktorimiz“ boradigan brigadalarga uzatiladi”, — dedi G‘afurov.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2019-yilda Henan Costar Group kompaniyasi bilan birgalikda umumiy qiymati 11,9 million dollarlik “Toshkent tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” loyihasini amalga oshirishni boshlagan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy kompaniyalari va moliya institutlari bilan davlat-xususiy sheriklik asosidagi grant loyihalariga 500 million dollar investitsiya kiritishga kelishib oldi.

“500 million dollarlik shartnomalarimizga to‘xtaladigan bo‘lsak, asosiysi bu — bizning birlamchi tizimimizda qurilish ishlarini zamonaviy talablar asosida zamonaviy ko‘rinishga keltirish. Ikkinchi yo‘nalishimiz… hududlardagi murakkab tibbiy jihozlarni modernizatsiya qilish. Uchinchi yo‘nalishimiz farmatsevtika sohasida — yangi, zamonaviy talablar asosida ishlab chiqarishni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish”, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Toshpo‘latov.

china camc engineering, henan costar group, snibe diagnostic, sog‘liqni saqlash, tez yordam uchun elektromobillar

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, China CAMC Engineering kompaniyasi bilan ham oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari qurish bo‘yicha memorandum imzolangan.

Yana bir grant shartnomasi Xitoyning diagnostika sohasidagi yetakchilaridan biri bo‘lgan Snibe Diagnostic kompaniyasi bilan imzolandi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu kompaniyaning analizatorlari va sarf materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Snibe Diagnostic O‘zbekiston tomoniga grant asosida qiymati 5 million dollarlik 50 dona zamonaviy diagnostika laboratoriya jihozlarini taqdim etadi, shuningdek, 5 million dollarlik yana bir grant hisobidan servis markazlari va o‘quv dasturlarini yaratadi.