O‘zbekistonda 2024-yilda 450 ming dona yengil avtomobillar ishlab chiqarishga erishish maqsad qilinmoqda. Bu maqsad 2024-yilga oid davlat dasturiga kiritilgan.

Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2030-yilgacha yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 1 mln donaga yetkazish dasturini amalga oshirish doirasida 2024-yilda quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • Mahalliy avtomobilsozlik sanoatida barcha mavjud va yangi ishlab chiqaruvchilarga shaffof va teng sharoitlarni yaratish;
  • Jizzax viloyatida Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda 10 mingta elektromobil va gibrid avtomobillarini to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish;
  • Mahalliy avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 2024-yilda 450 ming dona yengil avtomobillar ishlab chiqarishga erishish;
  • 2024-yil maygacha Jizzax viloyatida ADM Jizzakh korxonasi negizida Koreyaning KIA brendi ostida avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish;
  • Andijon viloyatida “Metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish” loyihasining 2-bosqichini ishga tushirish.

Shu bilan birga Onix va Tracker avtomobillarining mahalliylashtirish darajasini o‘rtacha 55 foizga, milliy traktor — kamida 35 foizga, osma texnika va tirkamalar — 60 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirishga “O‘zavtosanoat” AJ (Ulug‘bek Rozukulov) mas’ul etib belgilandi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2023-yilning 11 oyida 355 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgani xabar qilingandi.