30-yanvar kuni Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Buxar-Jirau tumanidagi ikki qavatli turar-joyda gaz balloni portlashi oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston elchixonasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, turar joy binosidagi xonadonda maishiy gaz balloni portlagan, so‘ngra binoning taxminan 300 kvadrat metr maydonidagi devorlar, tom va shiftlar qulab tushgan. 46 kishi yashab kelgan mazkur turar joyda portlash vaqtida 35 kishi bo‘lgan va vayronalar tagidan 7 kishi chiqarib olingan.

Jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Xususan, 34 yoshli R.X. tanasining 80 foizi, 36 yoshli N.H. tanasining 35 foizi kuygan, shuningdek, bosh jarohati, yopiq orqa miya sinishi kabi jarohatlar olgan.

Elchixona holat nazoratga olinganini, Qarag‘anda viloyati politsiyasi va Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari bilan aloqa o‘rnatilganini bildirdi. Fuqarolardan hushyor bo‘lishlarini hamda favqulodda vaziyat bo‘lganida xabar berishlarini so‘radi.