Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish loyihasi uchun 200 mln dollar ajratadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi ma’lum qildi.

Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioda JICA vitse-prezidenti Sachiko Imoto bilan uchrashdi.

Tashkilot rahbariyatiga O‘zbekistonda charm-poyabzal sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar, jumladan, xomashyoni chuqur qayta ishlash, undan tayyor mahsulotlar olish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi, investitsiya, eksport salohiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

JICA`dan jalb qilinadigan 200 mln dollar chorvachilik, charm-sanoat, baliqchilik, parandachilik sohalaridagi tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar berish orqali moliyaviy qo‘llab-quvatlanadi.

Jumladan, ushbu o‘zlashtiriladigan mablag‘larning 40 mln dollari terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishda faoliyat yuritish niyatida bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida ajratiladi.